ONA
Boshda to’la ming tashvish
O’qib, ishlab hormaymiz
Yillar o’tar yoz-u qish
Yaqin yo’qlab bormaymiz
Bugun hasham, erta to’y
Ko’ngli osmon bolani
Yilda bir bor yo’qlab qo’y
Oq sut bergan onani
So’nggi marta dona gul
Qachon berding bilmaysan
Yerni loy qilgani ul
Yoshlarin arzimaysan
Ko’chadaman, ishdaman
Tin olgani damim yo’q
Yodga olib aytsa ham
“Meni boshqa g’amim yo’q”
Gapirsang siltab qo’lin
Bir bor quloq ilmaydi
Ona tashvishlar belin
Bukkanligin bilmaydi
O’g’il esa yosh, bebosh
Kuchga to’la navqiron
Ona, so’nyotgan quyosh
Ikki kunlik issiq jon
Hayhot uy oynasi ham
Ko’cha tomon qaralgan
Kelar deb bugun bolam!
Ko’zi yo’lga qadalgan
Hayol surganicha jim
Eslab besh yosh bolani
Yetmishda-ku endi kim
Yodlar sho’rlik onani
Ham ona ham-ki padar
O’z qadriga yig’laydi
Safarda bo’lsang agar
Tunlar uyqu bilmaydi
Madorsiz qotsang, holsiz
Bolam senga ne kerak
Duogo’ying bir yolg’iz
Onang axir toshyurak
Boshda to’la ming tashvish
O’qib ishlab hormaymiz
Yillar o’tar yoz-u qish
Onam debon bormaymiz
Qidirganga sabab bor
Tugamaydi baxona
Kutib turar yor nigor
Ona axir yagona
Gohida yo’qlab boring
Ko’rib ko’ngli to’ladi
Borida duo oling
Erta bir gap bo’ladi
Meros Momo Havodan
G’amin yutib yashamoq
Qolgan Odam Atodan
Bolam deya jon bermoq
Yillar o’tib seni ham
Qo’llaring aso tutgay
Faryod ayla “kel bolam!”
Farzandlaring unutgay
Qaytar dunyo deganlar
So’zlarim eslab qoling
Diydor bilmay yurganlar Onadan xabar oling!!!
Add Comment