Bir burda non bilan ariqda suving
Tomirda qoningga qon bo‘ldi, o‘zbek
Sabr tugaganda, sen qilgan sabr
Urib turgan jonga jon bo‘ldi, o‘zbek
Nolima, nolaga o‘rin yo‘q hozir
Bundan og‘irini o‘tkazgan xalq bu
Boshga ish tushganda yelkadosh turib
G‘am-u anduhlaring ketkazgan xalq bu
O‘zingga to‘q bo‘lsang, nochorni to‘ydir
O‘zbekning to‘nini kiyolmas baxil
Hayotingni exson qilgan Allohdir
Bandamisan, hargiz, o‘zni banda bil
Biz o‘sgan diyorni jannatiy derlar
Bunda ochlik ko‘zga ko‘rinmay ketur
Hali uzum pishar, pishar anjirlar
Hali bu kunlar ham bilinmay ketur.
Qara, kimlar xalq deb kurashayotir
Dunyo shovqiniga bir quloq solgin
Do‘stim, sen ham agar vatanni sevsang
Shu vataning uchun uyingda qolgin
Farzandi boshiga do‘ppi kiydirib
Elning xizmatiga tortar eldir bu
Kuch birlikda deya olg‘a intilib
Yurtni yelkasiga ortar eldir bu
Add Comment