Bo'lim yangiliklari Yangiliklar

TIRIKLIKDA QO‘YILGAN HAYKAL

Toshkent tibbiyot akademiyasining 100 yilligiga bag‘ishlanadi

BIOETIKA bemorlarning hak-huquqlarini himoya qiladi. Qahramonimiz, marhuma Malika ABDULLAXO‘JAYEVA ratsionalizator sifatida O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib, xuddi shu sohaga asos soldi. Tibbiyotning serqirra yo‘nalishlari ichida eng murakkab va mas’uliyatli yo‘lni tanladi. O‘zbekistonda potologik anatomiya yo‘nalishining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shdi. Malika Abdullaxo‘jayeva bugun oramizda yo‘q. Biroq o‘zbek olimasining mazmunli umr yo‘li, sermahsul va serqirra ilmiy-amaliy mehnat faoliyati mudom e’zozda.
TIRIKLIKDA QO‘YILGAN HAYKAL

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, Xalqaro Patologiya Akademiyasining Markaziy Osiyo bo‘limi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, tibbiyot fanlari doktori, professor, respublika Patologik anatomiya markazi direktori, XX asrning eng ko‘zga ko‘ringan 500 nafar olimlaridan biri edi. Malika Abdullaxo‘jayevaning INSONIYATGA xizmat qilayotgan umrboqiy ilmi munosib baholanib, “Mehnat shuhrati ” ordeni sohibasi bo‘ldi.

Yirik patologoanatom sifatida O‘zbekiston va MDH mamlakatlarida transplantatsion immunitetni o‘rganish orqali immun patologiya rivojlanishi ravnaqiga katta hissa ko‘shdi. MDH davlatlarida birinchi marta makro va mikroskopiya telemeditsinaning Telepatologiya yo‘nalishini tashkil etilib, biopsiya bo‘yicha Yevropaning barcha mamlakatlaridagi shifokorlar bilan konsultatsiya olib borish va barcha tibbiyot institutlari talabalarini distansion o‘qitish imkoniyati yaratildi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti eskperti sifatida dunyoning juda ko‘p mamlakatlarida o‘tgan Xalqaro konferensiyalarda o‘nlab ma’ruzalari bilan ishtirok etgan O‘zbek olimasiga AQSHning Kaliforniya shtatida Fresno shahri faxriy fuqarosi maqomi berilgandi. U avvalo o‘z yurtining, istarasi issiq jondan aziz vatandoshlarining faxri edi. Shuning uchun izlanishlari davrida yilt etan yangilikni ilg‘ab olib, O‘zbekiston amaliyotiga kiritishga jon-jahdi bilan kirishardi. Maqsadlari ro‘yobga chiqmagunicha, tinim bilmasdi. U tibbiyot ilmini eng avvalo insonlar haqida g‘ayg‘urish deb tushunardi. Malika Abdullaxo‘jayevaning shogirdlari bilan suhbatlashib qolsangiz, ustozlarining sog‘liqni saqlash amaliyotiga jahon standartlari asosidagi zamonaviy usullarni joriy etishdagi jasorati haqida gapirib berishni o‘zlari uchun sharaf deb bilishadi.

Odam patologiyasini o‘rganish maqsadida Toshkentda Respublika patologik markazi tashkil etildi. Patalogik anatomiya markazi binosini qurilishiga shaxsan o‘zi bosh qosh bo‘ldi. Respublika patologik anatomiya markazi ilk tamal toshi qo‘yilgan kundan hozirgi davrigacha bo‘lgan qizg‘in ilmiy-amaliy faoliyati davomida xuddi shu tendensiyaga qat’iy amal qilib keladi. Buning birinchi sababi oramizda odamlarga sidqidildan xizmat qilish, inson haqida qayg‘urishni o‘z vijdoni amriga aylantira olgan fidoiylarning borligida.

O‘zbekiston Qahramoni Malika Abdullaxo‘jayevaning bu yorug‘ dunyodagi vazifasi va hayotdagi missiyasi shu oddiy va o‘z o‘rnida murakkab qoidaga asoslanganida, deya xotirlaydi, shogirdlaridan biri professor Xasan Tursunov.

O‘z atrofiga munosib shogirdlarni jamlab ularga haqiqiy ustozlik darajasida yo‘l ko‘rsata olgan, kezi kelganida biriga opa, biriga ona bo‘lib boshini silagan, ilmiy faoliyatdan tashqari shaxsiy hayotda ham ularning har biriga qayishib, shogirdlarining koriga yaragan xazrati inson haqida ko‘proq bilgim kelardi.

“-Yoshim oltmishdan oshdi…hayotda ko‘p insonlarni ko‘rdim. Ilmning mashaqqatli yo‘llarida necha bor yiqilib, necha bor qayta turdim…men bilgan insonlar orasida onamday mehrim tushgan ustozim, MALIKA Abdullaxo‘jayevaning o‘rni bo‘lakcha edi. Men bu inson bilan uchrashuvimizni taqdirning menga ato etgan mukofoti deb bilaman…40 yil uning ilmidan saboq oldim, 40 yil u ko‘rsatgan yo‘ldan yurdim, 40 yil uning odamlarga qilgan yaxshiliklaridan saboq chiqardim.” “ Men mehnat ta’tiliga chiqishga qo‘rqardim, nega bilasizmi, yana suhbatimizga qo‘shildi professor Rajabboy Isroilov, sababi, o‘sha men dam olgan paytda ustozim Malika opa menga notanish bo‘lgan ilmiy terminlarda gapira boshlasa hech narsaga tushunmayapman deyishdan uyalardim. U doim o‘z ilmini oshirib borgani uchun ham dunyodagi yetakchi klinika olimlari bilan ularning tilida bemalol bahsga kirisha olardi. Zamonaviy patologik anatomiyaning dunyo miqiyosida qanday taraqqiy topishini har bir ma’ruzasida chuqur ilmiy salohiyat, puxta bilim, zamonaviy ilmiy qarashlar bilan isbotlab berardi. Xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan o‘nlab xalqaro anjumanlarda sof ingliz tilida patologik anatomiya va tibbiyotning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etib, ilm ahlini, xorijlik hamkasblarini hayratga solganiga o‘zim guvohman. Ustozimning sharafli nomi dunyo olimlari orasida haligacha katta iftixor bilan tilga olinadi. Rossiya, AQSH, Shveysariya, Bolgariya, Vengriya, Italiya, Belgiya, Yugoslaviya davlatlarida chop etilgan ilmiy maqola va risolalari esa xorijiy tibbiyot muassasalarida ishonchli manbaa sifatida foydalanib kelinmoqda.

Toshkent tibbiyot akademisidagi har bir ustoz pedogogning Malika opa to‘g‘risida har doim shunday to‘lqinlanib gapirishi sababini olimaning qizi Dilorom ABDULLAXO‘JAYEVA, quyidagicha izohladi.

“- Men aqlimni tanibmanki, uyimiz talabalar bilan gavjum bo‘lgan. Onam kech soat oltida ishdan qaytib uyga kirsalar, oradan bir soat o‘tib, 7 da shogirdlar kirib kelishardi. O‘shanda sakkiz yoshda edim. Men ularning savol javoblari, gaplarining mazmunini to‘liq tushunmasamda, onamning bu odamlarga o‘ta mehribonligini his etib turardim. Balog‘at yoshiga yetganimdan so‘ng onamning sirdoshi va maslakdoshiga aylandim. Meni hamisha uning mehri daryoligi hayratga solardi. Kafedrada, ishda, yaqin qarindoshlar orasida u hamisha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olardi. Qo‘lidan keladigan ish bo‘lsa, birovning hojatini chiqarib yordam berishni o‘z burchi hisoblardi. Haligacha uning shogirdlari, hatto oddiy ishchi, farrosh va xaydovchilardan onam qilgan katta yaxshiliklar borasida eshitaman. Va shuni anglab yetdimki, odamlarga nafi tegadigan ilm bilan odamgarchilik hamisha bir-birini to‘ldirib turarkan. O‘zgalarning tashvishi bilan yashay olgan insonlar haqiqiy ilm kishilari ekan. Men shunda zabardast ayolning tarbiyasini olib, uning yo‘lidan borayotganimni taqdirning menga ato etgan benazir ne’mati deb bilaman.”
Amerikadagi Xalqaro Biografiya instituti tomonidan XX asrning eng buyuk 500 allomasi safiga kiritilgan birinchi o‘zbek olimasi.

Xotin-qiz talabalar orasida birinchilardan bo‘lib Davlat stipendiyasi sohibi.

Patologik anatomiya fani bo‘yicha birinchi fan doktori, professor.

Mustaqil Davlat Hamdo‘stligi mamlakatlaridan chiqqan eng birinchi va yakkayu yagona Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti (VOZ) ilmiy maslahatchisi, eksperti va muvaqqat maslahatchisi.

Xalqaro Patologiya Akademiyasi Markaziy Osiyo bo‘limining birinchi prezidenti. Respublika Patologik anatomiya markazi tashkilotchisi, birinchi direktori. Kembridj ilmiy markazi mutaxassislari tomonidan 1998 yilning eng salohiyatli ayoli unvoniga sazovor bo‘lgan birinchi o‘zbek ayoli edi. Jahonga taniqli olima, bag‘ri keng va mehribon ona, samimiy ustoz, milliy tibbiyotimiz ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan olima Malika Abdullaxo‘jayeva 2018 yilning 26 iyunida Toshkent shahrida 86 yoshida vafot etgan. Malika Abdullaxo‘jayeva 15 ta monografiya, 250 dan ortik ilmiy maqolalar, 15 ta tematik to‘plam, 7 ta mualliflik guvohnomasi, tibbiyot tarixiga bag‘ishlangan 2 ta darslik va vrachlar uchun mo‘ljallangan bitta qo‘llanma yaratgan. 1997 va 2012 yilllarda tibbiyot institutlarining 3-kurs talabalari uchun 2 jildlik “Odam patologiyasining asoslari” darsligini o‘zbek va rus tillarida chop ettirgan. O‘zbek ziyolilari orasida ham latif ham shariflik maqomiga erisha olgan bu ayolning benazir ilmi, kuchli mushohada, kamdan kam shifokorga nasib etadigan chuqur anotomik sezgisi, odamlar qalbiga yo‘l topa olishdek teran falsafasi hamon u yaratib ketgan katta ilmiy xazina sifatida INSONlar salomatligi yo‘lida xizmat qilishda davom etmoqda.

About the author

Shafoat Beknazarova

Add Comment

Click here to post a comment

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.