1 tashabbus 5 ta muhim tashabbus Bo'lim yangiliklari Talabalar ijodi Yangiliklar

Vikipediya uchun Germaniyaga ketishdan voz kechganman

Tanishing, Jahongir Boboyev. Toshkent tibbiyot akademiyasi talabasi. Ayni paytga qadar o‘zbekcha Vikipediyaga o‘z sohasiga oid 1000 dan ortiq maqola kiritgan. Bugun uning hech kimnikiga o‘xshamagan hikoyasi bilan tanishamiz!

Internetdan o‘zbek tilida tibbiyotga doir ma’lumot topolmaslik meni doimiy qiynardi. Ayniqsa, imtihon bo’ladigan vaqtlar bu juda seziladi. Har bir ma’lumotni avval rus, ingliz tillaridan tarjima qilib, keyin o‘zlashtirishga to‘g‘ri kelar va bu ko‘p vaqtni olardi. Rostini aytsam, bundan xo‘rligim kelgan vaqtlar ham bo‘lgan.

Shuning uchun ham WikiStipendiya marafoni e’lon qilingan kunning ertasidan boshlab, Nodir Atayevning Vikipediyaga maqola joylashtirish haqidagi videolarini ko‘rib, materiallar kirita boshladim. Ammo o‘shanda ularning deyarli hammasi “nol” baho olgan. O‘ttizdan oshiq maqolalarim adminlar tomonidan yaroqsizga chiqarilgan (Keyinchalik bunga boshqa tillardagi Vikipediyani manba qilib olganim sabab bo‘lganini tushunganman). O‘shanda bu ish mening qo‘limdan kelmas ekan, uddalay olmas ekanman, deb voz kechgandim ham.

Lekin baribir ichimdagi olov tinch qo‘ymadi, vaqt o‘tib yana maqola kirita boshladim. Bu orada WikiOromogohning birinchi mavsumida qatnashdim va hammasi shundan boshlandi. Ya’ni WikiOromgoh bizni yangi bosqichga olib chiqdi. Administratorlar kamchiliklarimizni ko‘rsatib, maqolani sifatli yaratish sirlarini o‘rgatishdi, yillar davomida yig‘gan tajribalarini biz bilan baham ko‘rishdi.

…Hali ham shundoqqina yodimda, WikiOromgohning birinchi mavsumiga ariza topshirganimdan so‘ng tashkilotchilar telefon qilib, ishtirokchi bo‘lganimni aytishdi. O‘shanda quvonishni ham, xafa bo‘lishni ham bilmay qolganman. Chunki ikki kundan so‘ng Germaniyaga bir oylik malaka oshirish uchun ketishim kerak edi. Juda ikkilandim, axir Olmoniyaga borish uzoq yillik orzum edi. Ustozimga bu haqida aytib, maslahat so‘raganimda shunday savol berdi:

  • Germaniyaga yana bora olasanmi?
  • Ha, albatta, suhbatdan o‘tsam keyingi yillar ham borishim mumkin.
  • Uyoqqa ketsang kim yutadi?
  • Men.
  • WikiOromgohga borsang-chi?
  • Men va mendan keyin Vikipediyaga o‘zbekcha ma’lumot qidirib kiradigan hamma…

Shundan so’ng Germaniyaga yutilgan grantni bekor qilib, oromgohga keldim va bundan sira afsuslanmayman. Biz kiritayotgan ma’lumotlarning boshqalarga va #Tilimizuchun foydasi tegishi — men uchun eng katta yutuq.

Shu tariqa Vikipediya hayotimning bir qismiga aylandi. Masalan, avvallari o’qishim, ishim sabab 4-5 soat uxlagan bo’lsam, hozir o’sha vaqtning 2 soati Vikipediyaga ketyapti. Avval biroz bo‘sh vaqtlarimda yoki ovqatlanish payti Instagram, YouTubega kirib, telefonimni shunchaki titkilab o‘tirgan bo‘lsam, hozir Vikipediyaga qanday yangi narsa kiritilibdi, deb qarayman.

Toshkent tibbiyot akademiyasida 50 dan ortiq talaba bilan Vikiklub ochganmiz. Klub bilan rus hamda ingliz tilidagi tibbiyotga doir kerakli ma’lumotlarni o‘girib, o‘zbekcha Vikipediyaga kiritishni maqsad qilganmiz.

WikiStipendiya marafoni 20-dekabr kuni tugaydi, lekin bu o‘zbekcha Vikipediyaga maqola kiritish tugaydi degani emas. Chunki, aytganimdek, Vikipediya biz uchun hayot mazmuniga aylanib boryapti.

About the author

Shafoat Beknazarova

Add Comment

Click here to post a comment

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.