5 ta muhim tashabbus Bo'lim yangiliklari Yangiliklar

Bugun davlat bayrog’i qabul qilingan kun

Davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsollardir. O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishlaydi. Birinchi Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, ozod O‘zbekiston fuqarolari uchun mustaqillikning muqaddas ramzlari – Davlat gerbi, Davlat bayrog‘i, Davlat madhiyasi azizdir. Ular ma’naviyatning eng muhim timsollaridir. Shu bois, bayrog‘imiz yoki gerbimizga nazar solganimizda yoki madhiyamiz yangraganda biz ruhan jo‘shqinlikni, azmu shijoatimiz oshganini, qalbimizda g‘urur va buyuk istiqbolga ishonch tuyg‘usini his etamiz.

Bugun 18 noyabr O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i qabul qilingan kun. O‘zida juda katta ma’no-mazmunni mujassam etgan, yuksak did va mahorat bilan puxta ishlangan, o‘zida butun O‘zbekiston ahlining asriy orzu-istaklarini, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni, ajdodlar yodi hamda millat g‘ururini mujassam etgan bayrog‘imiz sayyoramizdagi barcha mamlakatlarning davlat ramzlari orasida alohida hurmat va ehtiromga sazovordir.

Bugun milliy bayrog‘imiz davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi. Turli bayram tantanalarida, mamlakatimiz a’zolari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida ham bayrog‘imiz Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirmoqda. Masalan, xalqaro sport bellashuvlarida g‘alaba qozongan sportchilarimiz sharafiga yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarilgan lahzada har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz, hech kimdan kam emasligimizdan g‘ururlanamiz. Xulosa o‘rnida aytish lozimki, davlatimiz bayrog‘i tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz timsolidir.

 

About the author

Shafoat Beknazarova

Add Comment

Click here to post a comment

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.